Zardob haqida

Zardob so‘zi tojik tilidan olingan bo‘lib “Zard” – sariq, “ob” – suv ma’nosini anglatadi.
Sut,qatiq va zardobning shifoligini dastlab mashhur yunon shifokori Gippokrat aniqlagan. Quyida Gippokrat bilan bog‘liq bir rivoyat bor. Qadim yunon elida bir yigit buyrak kasaliga mubtalo bo‘lib qoladi, uni hech kim davolay olmaydi. So‘ng bemor hakim Gippokratga murojaat qiladi. O‘sha davrda buyrak kasalliklarini davolaydigan har xil dorilar va giyohlar bor edi, bularning kuchi shu kasalni tuzatolmasligiga ishonib, Gippokrat kunda uch mahal biya sutidan ivitilgan qatiqning zardobidan ichishni tavsiya qiladi. 10 kunda kelib,ko‘rinib turishni tayinlaydi va bir necha oyda yigit tuzalib ketadi. Tabobat ilmining bobokaloni Abu Ali ibn Sino nomi bilan bog‘liq bir rivoyat ham mavjud. Bir bemor alloma oldiga kelib, sillasi quriyotganini, ko‘p chanqayotganini aytadi. Tabib bemorning tomirini ko‘radi va sopol likopchaga solingan peshobini oftobga qo‘yadi. Peshob bug‘lanib ketgach, likopchaga arilar qo‘na boshlaydi, borib qarasa, mayda kristallar hosil bo‘lganini ko‘radi. Shunda tabib: «Sen qada kasaliga mubtalo bo‘libsan» deb tashxis qo‘yadi. Ibn Sino muolajani bunday belgilagan ekan: echki, qo‘y, sigir sutlaridan qatiq ivitib, zardobini ajratasan, zardobni bir qaynatib olib sovitasan va ko‘zaga quyib, yerga ko‘masan yoki salqin joyda saqlaysan, har kuni shundan ko‘ngil tilaguncha ichib yurasan. Ajabo, bir hafta ichida bemor o‘zini tetik sezadigan bo‘libdi. 

Sobiq ittifoq tibbiyot akdemiyasining bir guruh olimlari tomonidan nashr etilgan «Sutli taomlar» kitobida sut, qatiq, va zardobning kimyoviy tarkibi tahlil qilingan. Zardob – qatiq (ayrondan) suzma tayyorlashda ajralib chiqqan sel (sariq suv). Zardobda sut tarkibidagi ma’danli tuzlar, javharlar hamda mikroelementlar mavjudligi ko‘rsatiladi. Chunonchi, ma’danli modda tuzlaridan kaltsiy, kaliy, magniy, natriy va temir tuzlari uchraydi. Javharlardan limon, tuz va fosfor kislotalari, mikroelementlardan esa yod, kobalt, mis, marganets va boshqalar bor. Suzmada qatiqdagi oqsil, yog‘ qoladi, zardobga esa suv, sut qandi hamda vitaminlarning ko‘p qismi o‘tadi. Zardob qaynatilib, so‘ng sovitilib ichiladi. Xalq tabobatida zardob ko‘p xastaliklarni davolashda qo‘llaniladi (jigar, buyrak, istisqo, gipertoniya, bo‘g‘in og‘riqlari va boshqalar). Binobarin, bunday serxosiyat ne’matni sira ham to‘kib tashlamaslik kerak.

Qadimdan hozirgacha eskirmagan foydali maslahatlar

So‘yilgan hayvonning ichak-chavog‘idan taom tayyorlanganda qo‘llansa hidni ketkazish uchun zardob  bilan yuviladi.

Zardobdan tayyorlangan qurut qon bosimini pasaytiradi, ishtahani ochadi, safroni yaxshi haydaydi, chanqoqni qondiradi, tumov, yo‘talni davolaydi, uni suvda ivitib boshga surtilsa, soch to‘kilishining oldini oladi.

Zardob suv o‘rnida ishlatilib, xamir qoriladi va non yopiladi. Xamirturushsiz zardobli xamirdan shifobaxsh chuchvara, manti jildi hamda ugra tayyorlanadi.

Guruch iliq suvda yuvilgach, 5-6 soat ivitib qo‘yiladi, so‘ngra mantiqasqon lappagiga doka yoyiladi va ustiga guruch solinib, to yumshaguncha bug‘lab pishiriladi. Zardob qozonga quyilib, piyoz va sabzi solinadi hamda yog‘lik go‘shtdan dumalatilgan qiyma solib qaynatiladi, pishgach, haligi guruch qo‘shiladi. Qadimiy mastava ana shu tarzda tayyorlanadi.

Zardobning har bir litriga bir osh qoshiq hisobida asal aralashtirilib qaynatiladi, sovitib, shishalarga quyilib, sovitgichda saqlanadi hamda yaxna ichimlik sifatida yozda ichiladi.

Jig‘ildon qaynasa, uch ho‘plam zardob ichiladi, bu jig‘ildon qaynashini darhol qoldiradi. Yangi go‘sht qaynatilib sovitilgan zardobga botirib qo‘yilsa, bir necha kungacha aynimaydi va ta’mi yanada yaxshilanadi.

2 litr zardobga 0,5 kilo qo‘y go‘shti, 1 bosh piyoz va 2 dona sholg‘om solinib pishirilgan qaynatma sho‘rva koni foyda.

Yarim litr zardobga 1 osh qoshiq sariyog‘, bir oz murch solib, qaynating va qattiq non botirib yesangiz shamollaganda yaxshi terlatadi, o‘ranib yotsangiz, bu yaxshi shifo.

Zardob achib qolgan bo‘lsa, uni ilitib, sochlarni va yuzlarni yuvsangiz ijobiy foyda olasiz.

Qandli diabetni davolash davrida bemor ichadigan asosiy suyuqlik qatiq zardobi bo‘lmasligi kerak.

Sut qaynayotganda (2 litr) 2 osh qoshig‘ida qatiq qo‘shib yuborsangiz, oqsil ivib ajraladi, uni suzib olib, tvorog tayyorlang, zardobini esa qand kasali bor odamlar ichsin. Shu maqsadda qatiq zardobini qaynatib ichsa ham bo‘laveradi.

Sut fermalarida va zavodlarda tvorog tayyorlaganda ko‘p zardob to‘planadi. Shundan 40-50 litrini olib, qaynatib, bankaga quyib yotilsa, bel va bo‘g‘imlarning og‘rig‘iga shifo bo‘ladi hamda kishi o‘zini g‘oyat bardam his qiladi.

Sharqning ulug‘ allomalari falaj, shol dardini davolashda 3 kun hech narsa emay, ichmay faqat har kuni kechga borib, 1 litr qatiq zardobini birdan ichib, ichni yuvib, tozalash lozimligini tavsiya qilganlar